Beshta ekologik va ijtimoiy tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkilotiga rasmiy murojaat yo‘llab, FIFAning «Sport iqlim harakati uchun» tashabbusidagi ishtirokchi maqomini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Murojaat mualliflari futbolni boshqarish organi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta'kidlashmoqda. Gap shundaki, FIFA BMTning ushbu dasturiga imzo chekkan tashkilotlardan biri hisoblanadi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, ishtirokchilar 2030 yilga borib issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish majburiyatini olishgan. Biroq shikoyatni kiritgan tashkilotlar FIFAning amaldagi harakatlari uning so‘zlariga zid kelishini aytishmoqda. BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi rahbarlariga yuborilgan maktubda FIFA o‘z majburiyatlarini bajarishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘gani ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, tashkilot erkaklar o‘rtasidagi JCh formatini kengaytirib, o‘yinlar sonini oshirgani ekologiyaga jiddiy zarar yetkazgani ta'kidlangan. Shikoyatchilarning fikricha, o‘tgan yozda o‘tkazilgan mundial tarixdagi eng ko‘p ifloslanish keltirib chiqargan JCh bo‘lgan. Shuningdek, 2030 yilgi jahon chempionati bir nechta qit'a va davlatlarda o‘tkzilishi rejalashtirilgani chiqindilarni kamaytirish rejasiga zid ekani aytilmoqda. FIFA 2021 yilda iqlim strategiyasini ishlab chiqib, 2030 yilga kelib chiqindilarni ikki barobar kamaytirish va 2040 yilga borib ularni nolga yetkazishni maqsad qilgan edi. Biroq tanqidchilar mazkur strategiyada aniq mexanizmlar yo‘qligini va tashkilot aksincha chiqindilarni ko‘paytirganini ta'kidlamoqda. Shikoyatning ikkinchi asosiy qismi FIFAning Saudiya Arabistonining yirik energetika giganti Aramco bilan ko‘p yillik tijorat shartnomasini imzolaganiga qaratilgan. Maktubda Aramco nafaqat dunyodagi eng yirik neft kompaniyasi, balki eng ko‘p ifloslantiruvchi korporatsiyalardan biri ekani qayd etilgan. Ayollarning kelgusi jahon chempionatida Aramco reklamalari keng namoyish etilishi kutilmoqda. Murojaat mualliflari neft giganti sport maydonchalaridan o‘z obro‘sini tiklash va iqlim harakatlariga to‘sqinlik qilish uchun foydalanayotganini da'vo qilmoqda. Ushbu shikoyatni New Weather Institute, Fossil Free Football va boshqa qator tashkilotlar imzolagan. Hujjat Turkiyada o‘tayotgan BMTning Cop31 iqlim sammiti kunlarida taqdim etildi. Murojaat mualliflari tashkilotning ekologik dasturlardagi ishtiroki uning real harakatlariga to‘g‘ri kelmasa, bunday maqomdan mahrum etilishi kerakligini eslatib o‘tishdi. Hozircha FIFA va BMT tuzilmalari mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berishmadi.
BMTga FIFAning ekologik dasturdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qilindi

Beshta tashkilot BMTga murojaat qilib, FIFAning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi va’dalariga sodiqligini shubha ostiga qo‘ydi. Shikoyatda tashkilotning Saudiya Arabistonining Aramco kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasi va musobaqalarni kengaytirgani keskin tanqid qilingan. Hozirda BMTning iqlim bo‘yicha sammiti doirasida ushbu masala jamoatchilik muhokamasida turibdi.
Manba: The Guardian