«Real Madrid» klubi va Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem so'nggi paytlarda faqat yashil maydondagi o'yinlari bilan emas, balki modalar olamidagi muvaffaqiyatlari bilan ham tez-tez matbuot sahifalaridan joy olmoqda. Shu yakshanba kuni u terma jamoasi safida Ispaniyaga qarshi bahsda maydonga tushishi kutilayotgan bo'lsa-da, uning Calvin Klein brendi uchun ishlagan reklama kampaniyasi va British Vogue jurnalining yakkaxon muqovasida chiqqan ilk futbolchiga aylangani keng muhokama qilinmoqda. 23 yoshli futbolchi uchun bu o'ta aqlli va strategik qadam bo'lib, u o'zini nafaqat maydonda, balki undan tashqarida ham nufuzli shaxs sifatida kelajakka tayyorlamoqda. Bunday yo'l 2013 yilda faoliyatini yakunlaganidan keyin sport chegaralaridan chiqib ketib, ulkan brendga aylangan Devid Bekhem tomonidan ochib berilgan edi. Eslatib o'tamiz, Bekhem rafiqasi Viktoriya bilan birgalikda joriy yilda milliarderlar safiga qo'shildi. London va Nyu-York ko'chalarida namoyish etilgan Calvin Klein reklamalari katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Suratdagi futbolchining o'ziga xos holatlari va Nyu-Yorkning Soho tumanidagi ulkan banner muxlislarning e'tiborini tortib, AQShdagi mashhurligini yana bir bor tasdiqladi. PR-maslahatchi Mark Borkovskining fikricha, futbolchining bu darajadagi jozibasi uning asosan maydondagi yorqin o'yinlariga asoslanadi: «Moda qiymat yaratmaydi, buni futbol qiladi. Moda shunchaki undan foydalanish uchun boshqa bir yo'lni taqdim etadi». Ushbu hamkorlik brend uchun ham juda foydali bo'lmoqda. Fashion data firmasi Launchmetrics ma'lumotlariga ko'ra, kampaniya atigi 48 soat ichida 35,8 million dollarlik media ta'sir qiymatini hosil qilgan. Shuningdek, Lyst platformasi reklabadan so'ng Calvin Klein ichki kiyimlariga qiziqish 25 foizga oshganini ma'lum qildi. Bellingemning atrofida juda tajribali jamoa mavjud bo'lib, uning shaxsiy menejeri sifatida sobiq HR-menejer bo'lgan onasi Deniza faoliyat yuritadi. Ayrimlarning fikricha, uning 21 yoshli ukasi Job ham shunga o'xshash kampaniyalarda qatnashib, oilaviy brend nufuzini yanada oshirishi mumkin. Hozircha Bellingem va uning menejmenti o'z brendini tanlashda juda ehtiyotkor va strategik yondashmoqda. Calvin Klein'dan tashqari, u Adidas, Kim Kardashian'ning Skims hamda Louis Vuitton brendlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. SportsVerse nashri muxbiri Daniel-Yaw Miller uni Devid Bekhemga qiyoslab, bu harakatlar yuqori bozor qatlamiga mo'ljallanganini, shu bilan birga futbolchining samimiy xarakteri omma uchun yaqinligini ta'kidladi. Albatta, zamonaviy futbolda faqat Bellingemning o'zi modalar olami bilan ishlayotgani yo'q. Bukayo Saka va Son Hyung-min Burberry kampaniyalarida qatnashgan bo'lsa, Kilian Mbappe Christian Dior bilan ishlagan, Deklan Rays esa joriy oyda GQ jurnalining muqovasida ko'rinish berdi. Mutaxassislarning fikricha, futbolchilar faoliyati davomida topadigan pullari juda katta, ammo ularni kelajakda ta'minlaydigan asosiy narsa — bu mustaqil brend va biznesga aylanishdir. Shu bilan birga, barcha ham Bellingemning modaga bo'lgan intilishini birdek ijobiy baholayotgani yo'q. Season jamoatchilik va moda jurnali muharriri Felisiya Pennantning fikricha, Bekhem o'z davrida ko'proq tavakkal qilgan va san'at darajasidagi noodatiy suratga tushishlardan qo'rqmagan. U Judning harakatlari biroz tijoriy tus olganini va o'ziga xos yangi yo'nalish ochmaganini ta'kidlaydi. Mutaxassis Mark Borkovskiy ham kelajak uchun ogohlantirish ohangida fikr bildirgan: «Muvaffaqiyatli yosh sportchilarni doimo ularni maqtaydigan odamlar o'rab oladi. Bu esa xavfli muhitni keltirib chiqarishi mumkin. Futbol afsonani yaratadi, biznes uni saqlab qoladi, biroq ortiqcha o'ziga bino qo'yish ikkalasini ham barbod qilishi mumkin».
Bekhem yo'lidan borib: Jud Bellingem maydondan tashqarida ham qanday qilib global brendga aylanmoqda?

«Real Madrid» va Angliya terma jamoasi yulduzi Jud Bellingem Calvin Klein va British Vogue muqovasi orqali modalar olamini zabt etmoqda. 23 yoshli yarim himoyachi sportdan tashqaridagi faoliyatini rivojlantirishda Devid Bekhem yo'lidan bormoqda. Mutaxassislar uning bu qadamlarini kelajakdagi tijoriy muvaffaqiyatlar poydevori sifatida baholamoqda.
Manba: The Guardian