Elikia Mbinga bolaligidan professional futbolchi bo'lishni va to'la stadionlarda o'ynashni orzu qilgan edi. U hatto kelajak yulduzlari bilan to'la bo'lgan «Ayaks» yoshlar jamoasiga sardorlik ham qilgan. Biroq 25 yoshga kelib uning hayoti kutilmagan burilish yasadi va u maydondagi ijodkorlikni musiqaga almashtirdi. Hozirda u Niderlandiyada eng muvaffaqiyatli yosh afrobeat artistlaridan biriga aylanib, Spotify platformasida 30 milliondan ortiq eshitilishlarga erishdi. Ushbu muvaffaqiyat «Ayaks»ning mashhur «De Toekomst» akademiyasidan ancha yiroqda sodir bo'ldi. O'sha paytda Mbinga keyinchalik Premyer-ligada porlagan bir qator niderlandiyalik iqtidorlar, jumladan Timber aka-ukalari, Rayan Gravenberx va Brayan Brobbi bilan birga shug'ullangan. Mbinganing aytishicha, futbol maktabida olgan saboqlari uning san'atkordagi o'ziga xosligini shakllantirishga yordam bergan. «Futbolchi sifatida yarim himoyada o'ynar edim va juda ijodkor futbolchi bo'lganman. Maydondagi uslubim shunday edi, va men aynan shu ijodkorlikni musiqamga ham olib kirishga harakat qilaman», — deydi u BBC Sport nashriga bergan intervyusida. 17 yoshida Mbinga PEC Zwolle klubidan «Ayaks»ga o'tib, Amsterdamda yangi hayot boshlagan. To'rt mavsum davomida u hozirda «Kristal Pelas» va «Arsenal» sharafini himoya qilayotgan Quinten va Jurrien Timber aka-ukalari bilan bir kiyinish xonasini bo'lishgan. U o'sha paytdayoq ularning jismonan xuddi mashinadek baquvvat ekanini sezganini eslaydi. Shuningdek, u Liverpul yarim himoyachisi Gravenberxning texnik nafisligi va hujumchi Brobbining jismoniy ustunligini ham alohida ta'kidlaydi. Mbinga o'z vaqtida Real Madrid, Manchester Yunayted va Manchester Siti kabi Yevropaning eng yirik klublariga qarshi o'ynash imkoniyatiga ham ega bo'lgan. Hatto guruhga sardorlik qilgan paytlarida ularning imkoniyatlari teng bo'lganini, biroq keyinchalik yo'llari tubdan o'zgarib ketganini aytadi. Vaqt o'tib Rayan Gravenberx «Ayaks» asosiy tarkibida debyut qilgani hammasi rivojlanishga bog'liqligini ko'rsatadi. 2021-yilda, 20 yoshida PEC Zwolle klubiga qaytgan Mbinga futbol ortidagi hayot va o'z narsasini yaratish haqida o'ylay boshladi. O'sha davrda musiqa unga yanada jozibali tuyula boshlagan edi. U o'sha yilning sentyabr oyida Edivizioda o'zining qadrdon jamoasi safida, aynan «Ayaks»ga qarshi o'yinda professional debyutini o'tkazdi. Biroq Zwolle quyi ligaga tushib ketgach, u musiqa karyerasini moliyalashtirish uchun quyi to'rtinchi divizionda yarim professional tarzda to'p surishga majbur bo'ldi. Besh yil o'tib, bu tavakkal o'z mevasini bermoqda. Uning oylik Spotify tinglovchilari soni 500 mingga yaqinlashdi, 2024-yilda chiqqan «Mentality» treki esa 16 milliondan ortiq marta eshitildi. Mbinga musiqadagi har bir muvaffaqiyatni xuddi gol urish yoki golli uzatma berishdek his qilishini aytib kuladi. Mbinga professional futboldan ketganidan afsuslanmasa-da, sport bilan aloqani uzmagani yo'q. Yaqinda u o'zining yangi albomini targ'ib qilish uchun Buyuk Britaniyaga borgan va u yerda sobiq jamoadoshlari Jurrien va Quinten Timber bilan uchrashgan. Hatto Arsenal va Kristal Pelas o'yinlariga tashrif buyurgan. Shuningdek, u AS Monakoning ispaniyalik hujumchisi Ansu Fati bilan ham yaqin do'st bo'lib, fevral oyida uning qiyinchiliklariga bag'ishlab maxsus qo'shiq chiqargan edi.
«Ayaks» akademiyasining sobiq yulduzi nima uchun futbolni musiqa uchun tark etdi?

«Ayaks» akademiyasida Yurrien Timber va Rayan Gravenberx kabi kelajak yulduzlari bilan birga to'p surgan Elikia Mbinga professional futbolni tark etib, muvaffaqiyatli musiqachiga aylandi. Gollandiyada tanilib borayotgan afrobeat ijodkori Spotify'da millionlab tinglovchilarga ega bo'lib, musiqadagi muvaffaqiyatlarini maydondagi gollarga qiyoslaydi. Shuningdek, u futbol olamidagi do'stlari, jumladan Ansu Fati va Timber aka-ukalari bilan aloqani saqlab kelmoqda.
Manba: BBC Sport