Ingliz futboli va «Arsenal» klubi og'ir yo'qotishga uchradi. Londonliklarning sobiq yarim himoyachisi, 1971-yilgi afsonaviy «dubl» – ham chempionat, ham Angliya kubogi bosh sovrinini qo'lga kiritgan jamoaning yetakchisi Piter Stori 81 yoshida vafot etdi. Berti Mi boshqaruvidagi o'sha yillardagi muvaffaqiyatlar «Arsenal» tarixidagi eng yorqin sahifalardan biri bo'lib qolmoqda. Piter Stori ana shu tarkibning eng muhim bo'g'inlaridan biri bo'lib, o'zi ham klub safida jami 501 ta o'yin o'tkazgan. Bu ko'rsatkich bo'yicha u «to'pchilar» tarixidagi eng ko'p maydonga tushgan futbolchilar ro'yxatida 8-o'rinni egallaydi. Surreyda tug'ilgan futbolchi «Arsenal» safidagi debyutini 1965 yilda, 20 yoshga to'lganidan ko'p o'tmay o'tkazgan edi. Maydondagi murosasiz o'yini va universal xususiyatlari bilan ajralib turgan Stori asosan yarim himoyada harakat qilgan bo'lsa-da, zarurat tug'ilganda o'ng qanot himoyasida ham o'ynay olgan. Klub muxlislari uning eng esda qolarli harakatlarini hamon yaxshi eslashadi. Jumladan, 1971 yilgi Angliya kubogi yarim finalida «Stok Siti»ga qarshi kechgan bahsda Piter o'yinning so'nggi daqiqalarida penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qolgan va qayta o'yin o'tkazish imkoniyatini ta'minlagandi. Aynan shu g'alaba «Arsenal»ning o'sha mavsumdagi chempionlik va kubokni birlashtirish orzusini saqlab qolgan edi. Stori 1971-1973 yillar oralig'ida Angliya terma jamoasi sharafini 19 ta uchrashuvda himoya qilgan. 1977 yilda esa u «Fulhem» klubiga o'tib, ko'p o'tmay futbolchilik faoliyatiga yakun yasagan. Seshanba kuni «Arsenal» klubi o'zining rasmiy sahifalarida sobiq futbolchining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi: «Arsenal»dagi barchamiz 1970-1971 yilgi mavsum «dubl» g'olibi Piter Storining vafotidan chuqur qayg'umizni bildiramiz. Barcha o'ylarimiz uning oilasi va yaqinlari bilan birga». Futbolchilikdan keyingi hayotida turli qiyinchiliklar va muammolarga duch kelgan Stori 2010 yilda o'zining tarjimai hol kitobini ham nashr etgandi.
«Arsenal» afsonasi Piter Stori 81 yoshida vafot etdi

«Arsenal» klubi va Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Piter Stori 81 yoshida olamdan o'tdi. U 1971-yilda londonliklar safida ham chempionat, ham Angliya kubogini qo'lga kiritgan «oltin dubl» davrining asosiy qahramonlaridan biri edi. Marhum faoliyati davomida «qizil-oqlar» safida 501 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Manba: The Guardian