AQShdagi siyosiy jarayonlar va oraliq saylovlarda Demokratlar partiyasining muvaffaqiyat qozonishi xalqaro sport tashkilotlari, xususan, FIFA faoliyatiga ham o'z ta'sirini o'tkaza boshladi. Mutaxassislarning fikricha, FIFA prezidenti Janni Infantinoning AQSh rahbariyati bilan yaqin munosabatlari va tashkilotning ba'zi qarorlari kelgusida jiddiy tekshiruvlarga sabab bo'lishi mumkin. Xususan, AQSh Kongressidagi ayrim siyosatchilar FIFA va Donald Trump ma'muriyati o'rtasidagi aloqalarni sinchiklab o'rganish niyatida ekani aytilmoqda. Avvalroq Kongress vakillari FIFAning ba'zi harakatlari, jumladan, turli shubhali shartnomalar va tashkilot resurslaridan foydalanish holatlari yuzasidan savollar tug'dirganini ta'kidlagan edi. Demokratlar nazoratidagi qo'mitalar bunday masalalarni tergov qilish vakolatini qo'lga kiritishi kutilmoqda. Bu esa Janni Infantino uchun qo'shimcha siyosiy va huquqiy bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu fonda FIFA rahbariyatidagi ichki raqobat ham kuchayib bormoqda. Yaqinda Yaponiya futbol assotsiatsiyasi rahbari Kozou Tashima kelgusi yilning mart oyida bo'lib o'tadigan FIFA prezidentligi saylovida o'z nomzodini qo'yishini rasman e'lon qildi. Bu amaldagi rahbar Janni Infantinoga qarshi rasmiy raqib paydo bo'lganini anglatadi va tashkilot ichidagi kayfiyatga ham o'z ta'sirini ko'rsatishi mumkin. Xalqaro ekspertlarning tahlil qilishicha, Infantinoning o'zini global brend sifatida ko'rsatishga intilishi va turli siyosiy doiralar bilan yaqinlashuvi ba'zida tashkilot ichida ham ichki ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda. Hozircha FIFA rahbariyati bu boradagi tanqidlarga rasmiy munosabat bildirmagan bo'lsa-da, kelgusi oy va yillarda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tekshiruvlar tashkilot imidjiga jiddiy ta'sir ko'rsatishi ehtimoldan xoli emas.