AQShning Ichki daromadlar xizmatiga (IRS) FIFA rahbari Janni Infantinoning xususiy uy xizmatkori tashkilot byudjeti hisobidan maosh olgani haqidagi da'volar yuzasidan rasmiy shikoyat kiritildi. Ushbu murojaat ortidan tashkilotning Qo'shma Shtatlardagi soliq imtiyozlari masalasi jiddiy xavf ostida qolishi mumkin. The Guardian nashri tanishib chiqqan hujjatlarga ko'ra, shikoyatda FIFA xodimlaridan biri Mayamidagi qarorgohda faqat Janni Infantino va uning rafiqasi Leena Infantinoning uy ishlarini bajargani, biroq uning kompensatsiyasi tashkilotga aloqador tuzilma orqali to'langani ta'kidlangan. Mualliflar yuqori lavozimli rahbarlar o'z maqomidan foydalanib, soliq imtiyozlari qoidalarini buzganini idora tekshirib chiqishini so'rashmoqda. Agar IRS tekshiruv o'tkazib, da'volar o'z tasdiqligini topsa, FIFA AQShdagi soliqdan ozod qilingan 501(c)(4) maqomidan mahrum bo'lishi mumkin. Bu toifa xayriya, ta'lim yoki jamiyat farovonligini targ'ib qiluvchi tashkilotlarga beriladi. Shikoyatni Vashingtonlik huquqshunos Abed Ayoub taqdim etgan bo'lib, u immigratsiya huquqi bo'yicha mutaxassis hisoblanadi. Hozircha soliq idorasi bu borada izoh bermagani aytilmoqda. FIFA matbuot xizmati esa mazkur ayblovlarni keskin rad etdi. Rasmiy bayonotda prezidentning shaxsiy va uy hayotiga oid masalalar uning o'ziga tegishli ekanligi, barcha maishiy xodimlar xarajatlari Janni Infantino tomonidan shaxsan qoplanishi qat'iy ta'kidlandi. Shuningdek, tashkilot ommaviy axborot vositalarini mas'uliyat bilan harakat qilishga chaqirib, bu kabi urinishlar FIFA va uning prezidentiga qarshi qaratilgan uyushtirilgan harakat ekanini bildirdi. Agar xabarlar asossiz va noto'g'ri bo'lsa, tashkilot ularga qarshi huquqiy choralar ko'rishda davom etishini ma'lum qildi. Voqealar fonida AQShdagi siyosiy doiralar, xususan, Vakillar palatasining sud qo'mitasi ham FIFA faoliyatini yaqindan kuzatishni boshlagani ma'lum qilindi. Demokratik siyosatchilar tashkilotning so'nggi tashabbuslari va shubhali rejalarini tekshiruvga olishi kutilmoqda. Shu bilan birga, FIFAning sobiq prezidenti Sepp Blatter ham nemis nashriga bergan intervyusida amaldagi rahbarni keskin tanqid qildi. U Infantinoning siyosati tashkilotni inqirozga yetaklayotganini va me'yorlar buzilayotganini ta'kidlab o'tdi.