Angliya Birinchi ligasi (League One) klublari moliyaviy yo'qotishlarni kamaytirish va mulkdorlar kiritadigan investitsiyalarni cheklash maqsadida yangi qat'iy xarajat cheklovlarini joriy etishga intilmoqda. The Guardian nashri tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, uchinchi divizionda jamoalarning umumiy maoshlar fondi joriy mavsumda 15 foizga ko'paygan. Eslatib o'tamiz, o'tgan yili yozda klublar ovoz berish yo'li bilan qoidalarni qat'iylashtirib, xarajatlar limitini tushumning 60 foizidan 50 foiziga kamaytirgan edi. Shuningdek, xo'jayinlar investitsiyalarining faqat 50 foizigagina tarkib xarajatlari uchun ruxsat berilib, qolgan qismi infratuzilma loyihalariga yo'naltirilishi belgilangandi. Biroq olti oydan kamroq vaqt o'tgach, ko'pchilik klublar bu cheklovlar yetarli emas deb hisoblamoqda. Nashr ma'lumotlariga ko'ra, hozirda ikkita asosiy model ko'rib chiqilmoqda. Birinchisi — uch yil davomida klublar uchrashi mumkin bo'lgan yo'qotishlarga qat'iy limit o'rnatish. Ikkinchisi — «hashamat solig'i» (luxury tax) tizimini joriy etish bo'lib, unga ko'ra belgilangan chegaradan oshgan mulkdorlar investitsiyasining 50 foizi raqib klublarga taqsimlab beriladi. Mutaxassislar va klublar orasida birinchi taklif ko'proq ma'qul ko'rilmoqda. Moliyaviy qoidalarni yanada kuchaytirish tashabbusi Professional futbolchilar assotsiatsiyasining (PFA) mavjud qoidalarga qarshi qonuniy da'vosi fonida yuzaga kelmoqda. PFA avvalroq klublar professional muzokaralar va maslahatlashuv qo'mitasining shartlarini bajarmaganini vaj qilib sud jarayonlarini boshlagan edi. 2021 yilda ham Birinchi va Ikkinchi liga klublarining maoshlar uchun 2,5 million hamda 1,5 million funt-sterling miqdorida limit kiritish urinishi mustaqil hakamlar panelining aralashuvi bilan to'xtatilgan edi. Qat'iy nazorat bo'yicha muhokamalar uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bo'lsa-da, o'tgan oy Mustaqil futbol regulyatori tomonidan chop etilgan «O'yin holati» hisoboti bu jarayonga yangi sur'at bag'ishladi. Ushbu hisobotga ko'ra, Angliya futbol ligasi (EFL) va Milliy ligadagi klublarning 94 foizi ziyon ko'rib ishlayotgani, 96 ta jamoadan 32 tasi esa xo'jayinlar moliyaviy yordamimsiz bir oy ham yashay olmasligi ma'lum bo'lgan. O'tgan mavsumda Birinchi ligadagi har bir klub o'rtacha 7,5 million funt-sterling miqdorida ziyon ko'rgan. Ushbu ko'rsatkich avvalgi mavsumda 5,3 million funtni tashkil qilgan edi. Klub mulkdorlaridan biri The Guardian nashriga bergan intervyusida jamoalar o'z xarajatlarini o'zlari jilovlay olmasligini ta'kidlab, qo'shimcha tartibga solish mexanizmlari shartligini bildirdi. «Reading» va «Peterborough» uzoq vaqtdan beri qattiqroq moliyaviy nazorat tarafdori bo'lib kelmoqda. Biroq «MK Dons» va «Wycombe» kabi klublar bunga qarshi chiqmoqda. Hozircha har qanday taklif qabul qilinishi uchun talab qilinadigan uchdan ikki qism ovozni to'play olishi noma'lum bo'lib turibdi.
Angliya Birinchi ligasi klublari moliyaviy cheklovlarni yanada kuchaytirmoqchi

Angliya Birinchi ligasi klublari o'sib borayotgan moliyaviy yo'qotishlar va maoshlar fondining oshishi fonida xarajatlarga yangi cheklovlar kiritishni muhokama qilmoqda. The Guardian nashrining xabar berishicha, muhokama qilinayotgan variantlar orasida uch yillik yo'qotishlar limiti va «hashamat solig'i» tizimi ham bor. Joriy mavsumda uchinchi diviziondagi jamoalarning maoshlar fondi 15 foizga oshgani mutaxassislarni tashvishga solmoqda.
Manba: The Guardian